Intilganga tole yor

Темур Буриев
Xalqda bitta maqol bor
Donolardan u yodgor
Yiqilganga dunyo tor
Intilganga tole yor

Harakatda barakat
Kim baxtga kim nonga zor
To'xtab qolma sen faqat
Intilganga tole yor

Yurmagin aslo bekor
Bekorchidan el bezor
Ishla, ishdan qilma or
Intilganga tole yor

"Osilma u baland dor"
Desalar senga do'st yor
Sen chekinma olg'a bor
Intilganga tole yor

Qishdan so'ng kelar bahor
Lek tog'larda qolar qor
Ko'nglingni sen qil gulzor
Intilganga tole yor

Ko'zing yashnatar dildor
Diling yayratar dildor
Sevging tezda qil izhor
Intilganga tole yor

Hayot katta bor bozor
Hech kimga berma ozor
Nohaqlikni qil abgor
Intilganga tole yor

Bor sirlar bo'lar oshkor
Shu sabab bo'lma makkor
Doim Haq yo'lidan bor
Intilganga tole yor

Haqiqat uchun kurash
Mayli yiqil, bo'lgin xor
Kurashsiz bu ne yashash
Intilganga tole yor

Och qolib bo'lsang ham xor
Hech kimdan bo'lma qarzdor
Qilgin shuni sen shior
Intilganga tole yor

Ahvoling bugun nochor
O'zingni qilma aybdor
Temur degan noming bor
Intil, senga tole yor.